Biofaol qo‘shimchalarning dori vositalaridan farqli jihatlari nimada?

04.09.2023 4544

Respublika hududiga yangi biologik faol qo‘shimchalar chetdan olib kirish hamda ishlab chiqarishga ruxsatnomalarni rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 30 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 131-sonli qarori talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 30 avgustdagi «Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi 483-I-sonli Qonunining 2-moddasida biologik faol qo‘shimchalarga quyidagicha ta’rif  berilgan:

ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar — oziq-ovqat xom- ashyosini qayta ishlash yo‘li bilan yoki sun’iy usulda hosil qilingan hamda bevosita ovqat bilan birga iste’mol qilishga yoki oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga qo‘shishga mo‘ljallangan tabiiy yoxud tabiiyga aynan o‘xshaydigan biologik faol moddalarning konsentratlari.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2019 yil 25 mayda tasdiqlangan «Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi gigiyenik normativlari» to‘g‘risidagi 0366-19-sonli sanitariya me’yorlari, qoidalari va gigiyena normativlarida biologik faol qo‘shimchalar quyidagicha ta’riflangan:

biologik faol qo‘shimchalar – inson organizmidagi fiziologik buzilishlarni oldini olish hamda sog‘lom balansni tiklash maqsadida ratsionini maqbul darajaga yetkazish yoki organizmni zarur bo‘lgan foydali moddalar bilan to‘ldirish uchun mo‘ljallangan, tarkibida kelib chiqishi tabiiy yoki tabiiyga o‘xshash sun’iy biologik faol moddalar (ularning konsentratlari) va (yoki) prebiotik komponentlar hamda probiotik mikroorganizmlar mavjud oziq-ovqat mahsulotlari.

Yuqoridagi ta’riflardan ko‘rinib turibdiki, biologik faol qo‘shimchalar davolovchi ta’sirga ega emas. Davolovchi ta’sirga ega bo‘lgan mahsulotlar dori vositalari hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 4 yanvardagi «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi 399-sonli Qonunining 3-moddasida dori vositalariga quyidagicha ta’rif berilgan:

dori vositalari — kasalliklar profilaktikasi, ularga tashhis qo‘yish va davolash, shuningdek, odam organizmining holati va funksiyalarini o‘zgartirish uchun tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori moddalari (substansiyalar) va yordamchi moddalar asosida olingan vositalar, dori moddalari (substansiyalar), dori preparatlari.

Hozirgi kunda ommaviy axborot vositalarida (televideniya, radio, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va boshqalar) yorliqlarida “BFQ/BAD va dori vositasi hisoblanmaydi” deb yozilgan mahsulotlar reklamasi ko‘p uchramoqda. O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassislari tomonidan o‘rganilganda ushbu mahsulotlar funksional ovqatlanish mahsulotlari hamda profilaktik ovqatlanish oziq-ovqat mahsulotlari ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarishga qo‘yiladigan gigiyenik talablar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2019 yil 6 iyunda tasdiqlangan 0367-19-sonli «Funksional, shifobaxsh (parhez) va profilaktik ovqatlanish mahsulotlari ishlab chiqarish va muomalasiga qo‘yiladigan gigiyenik talablar» to‘g‘risidagi sanitariya me’yorlari, qoidalari va gigiyena normativlarida belgilangan.

Ushbu hujjatga ko‘ra,

funksional ovqatlanish mahsulotlari (functional food) – ovqatlanish bilan bog‘liq kasalliklar rivojlanishi xavfini kamaytirish hamda (yoki) oziqlantiruvchi moddalar tanqisligini to‘ldirish, oldini olish, salomatlikni saqlash va yaxshilashga yo‘naltirilgan funksional ingrediyentlardan tarkib topgan tabiiy ovqatlanish mahsulotlari;

profilaktik ovqatlanish oziq-ovqat mahsuloti – tabiiy tarkibiga nisbatan alohida moddalar tarkibi va (yoki) mutanosibligi o‘zgartirilgan va (yoki) tarkibida avvaldan bo‘lmagan moddalar yoki komponentlar kiritilgan uglevod, yog‘, oqsil, vitamin va boshqa moddalar almashinuvini tartibga solish uchun mo‘ljallangan maxsus oziq-ovqat mahsuloti, shuningdek, kasb kasalliklari rivojlanishi xavfini kamaytirish uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsuloti.

Ommaviy axborot vositalarida (OAV) larda berilayotgan ayrim reklamalarda iste’molchilarni chalg‘ituvchi ma’lumotlardan foydalanilayotganligi sababli aholi orasida tushunmovchiliklar (BFQ/BAD larni dori vositasi sifatida, qaysidir bir kasallikdan davolanish yoki forig‘ bo‘lish maqsadida qabul qilish holatlari) kelib chiqmoqda.

Biologik faol qo‘shimchalar ba’zi OAVlarida targ‘ibotchilar tomonidan ta’kidlanayotganidek, davolovchi ta’sirga ega emas, negaki, uning tarkibidagi biologik faol moddalar miqdori (dozasi) terapevtik dozaga nisbatan bir necha barobar past bo‘lib, asosan organizmning nutriyentlarga bo‘lgan sutkalik (fiziologik) ehtiyojini ta’minlashga (to‘ldirishga) qaratilgan.